Blog

“KARANTIN DAVRIDA “NIMA DEB O’YLAYSIZ……?”

Hammamizga ma’lumki, joriy yilning 16-mart kunidan boshlab mamlakatizmizda pandemiya holati hukm surmoqda. Bu holat nafaqat xalqning sog’lom turmush tarziga, balkim, butun insoniyatning hayotiga xavf solmoqda. Ikki oy mobaynida qattiq karantin sharoitida fuqarolarimiz o’z uylaridan chiqmasdan, o’zgalar va o’zlarining hayotlarini COVID-19 balosidan saqlashga harakat qildilar. Yaratganga shukurkar bo’lsinki, karantin choralari bosqichma-bosqich yumshatilib, xalqimiz asta-sekin gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda avvalgi kundalik turmush tarziga qaytmoqda.

Nima deb o’laysiz? Pandemiya holatida insonlar, ayniqsa, yoshlar, biz ota-onalar yoki keksa yoshdagi duogo’y buvi-bobojonlarimiz nimalar bilan mashg’ul bo’lishdi? Nima deb o’laysiz…..bu yuqumli kasallik tufayli insoniyat eng “qimmatbaho” sog’likning, “eng arzon” oddiy quvonchning, “bebaho” tinchlikning, “bepul” yaqinlar kulgusining g’animat ekanligini anglab yetdimi? Nima deb o’ylaysiz………insonlar tabiat baxsh etgan toza havoning, tiniq suvning qadriga yetdimi? Nima deb o’ylaysiz……….. “tabiat ham charchaganini, odamlardan dam olgisi kelganini” insoniyat tushundimi? Nima deb o’ylaysiz……..Yaratganning oddiy sinovi oldida butun borliq ojiz ekanini banda tushundimi? Nima deb o’ylaysiz………bu savollarning oxiri bormi? Bu savollarni soatlab berish mumkin. Lekin bizning maqsadimiz savol berish emas, bu savollarga mazmunli javob berishdan iborat.

Avvalombor, COVID-19 kasalligi barchamiz uchun Yaratganning bir sinovi bo’ldi desam, adashmasam kerak. XXI asrda ilm-fan shunday rivojlangan bir davrda insoniyat yuqumli bir kasallik oldida ojiz qoldi. Insonlar baxt ko’chada emas, o’z uylarida oila davrasida, yaqinlar kulgusida, eng oliy ne’mat bugungi kun uchun shukronalik ekanligini anglab yetdi, manimcha.

Mamlaktimizda karantin sharoitida muhtaram Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar xalqimizning sog’ligini asrash, yaxshi turmush sharoitini saqlash  va iqtisodiy inqirozning oldini olishga qaratilgandir. Bu og’ir sharoitda biror soha e’tibordan chetda qolgani yo’q. Ayniqsa, ta’lim sohasida olib borilayotgan yangi (onlayn) tizim yoshlarimiz uchun imkoniyat bo’ldi. Masofaviy ta’lim tizimida yoshlarimiz mustaqil bilim olish imkoniyatini sinab ko’rdi. Ota-onalar farzandlarining dars tayyorlashi uchun vaqt ajrata oldi.

.

Oliy ta’limda  ham masofaviy (onlayn) ta’lim tizimining joriy etilishi talabalar uchun ham, biz o’qituvchilar uchun ham tub burilish bo’ldi. Yaqinda internet sahifasida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi I.Shamsiyevaning “Foydali karantin” nomli maqolasiga ko’zim tushdi. Albatta, men karantin insoniyat hayotining har jabhasida foydali bo’ldi, degan fikrdan yiroqman. Lekin, ta’lim sohasida necha yildan beri rejalashtirilib kelinayotgan masofaviy ta’lim tizimining joriy etilishini karantin sharoiti tezlashtirdi. Nima deb o’laysiz……karantin davrida masofaviy ta’limning qanday foydali tomonlari bo’ldi?

Menimcha, talabalar ham, o’qituvchilar ham yillar davomida an’anaviy dars  o’tish jarayonidan zerikishgandi. Masofaviy tizim talabalar uchun ham, o’qituvchilar uchun ham qulay sharoitlarni yaratdi. Ayniqsa, talabalar uchun topshiriqlarning elektron tarzda bajarilishi 80 minut ma’ruza yozishdan ko’ra qulay hisoblanadi. Biroq, o’qituvchi talabaning berilgan vazifani haqqoniy o’zi bajarayotganini nazorat qilish imkoniyatidan chegaralangan bo’ladi. Agarda vazifalar ZOOM dasturi orqali amalga oshirilsa, ikki tomon uchun ham qulay. Lekin bunday imkoniyat barcha uchun ham iloj doirasida emas. Chekka, tog’oldi hududlarda yashovchi talabalar uchun internet saytiga kirishning o’zi muammoli hanuzgacha. Mening fikrimcha, masofaviy ta’lim tizimi endilikda bilim olmoqchi bo’lgan talabalar uchun mustaqil ta’lim olish ko’nikmalarini rivojlantirishdan tashqari, ular uchun mehnat qilish, madaniy hordiq chiqarish uchun vaqt ajratish imkoniyatini paydo qildi. Lekin o’qituvchi uchun masofaviy ta’lim tizimning qanday qulaylik va qiyinchiliklari bor?  Siz nima deb o’ylaysiz…………..?

BuxMTI “Xorijiy tillar” kafedrasi

                                                     o’qituvchisi M.A.Radjabova

Share this post

Leave a Reply

Your email address will not be published.