Hamkorlik bog’i-uzoq muddatli va samarali hamkorligining o’ziga xos ramzi

Hamkorlik bog’i-uzoq muddatli va samarali hamkorligining o’ziga xos ramzi

Ko’chat ekish, bog’ yaratish xalqimizga xos ezgu qadriyatlardan sanaladi. Otalarning farzandiga atab daraxt ekishi ham avloddan-avlodga o’tib, qadriyat darajasiga ko’tarilgan. Buxoro muhandislik-texnologiya institutida ham bahorning ilk kunida ekologik aktsiya o’tkazildi.  Unda institut va hamkor tashkilot “Knauf Gips Buxoro” bilan birgalikda “Hamkorlik bog’i” barpo etildi.

Institutning 2 ming kv.metr hududini ko’kalamzorlashtirish imkoniyatini yaratib bergan ekologik aktsiyada mutaxassislar tavsiyalariga ko’ra “hamkorlik bog’ida” Buxoroning iqlim sharoitlariga moslashgan qarag’ay, qora archa, tut, akatsiya, siren kabi daraxt nihollari o’tqazildi. Maqsadi  ta`lim muassasasida ko’kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, yashil hududlar maydonini kengaytirish, yoshlarni atrof-muhit barqarorligini ta`minlashda faolligi va mas`uliyatini yanada oshirishga qaratilgan aktsiyada talaba-yoshlar faol ishtirok etishdi.  Biri archa uchun yer qazishga ko’maklashgan, biri chelak-chelak suv tashigan, yana biri archa tagiga tuproq tortyapti. Buning ham o’ziga xos gashti bor.  Zero, uyushqoqlik, hamjihatlik bor joyda, albatta fayzu baraka bo’ladi.

Ta’kidlash kerakki, ushbu bog’ xorijiy kompaniya va ta’lim dargohining uzoq muddatli va samarali hamkorligining o’ziga xos ramziga aylandi.  Qolaversa, bu tadbir yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish, ularni tabiatga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo’ldi.

 

Translate »