Blog

BIZNING JAMOA «MGOVAWARD» RESPUBLIKA TANLOVINING FINAL BOSQICHIDA

Bugun yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kirib bormagan sohaning o‘zi yo‘q. Bu esa, o‘z navbatida, axborot-kommunikatsiya sohasini rivojlantirishning asosi hisoblangan dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarishni taqoza qiladi. Shu sababli, mamlakatimizda dasturiy ta’minot sanoatini shakllantirish va rivojlantirish uchun ko‘plab zaruriy shart-sharoitlar yaratilmoqda, shu bilan birga mustahkam qonunchilik bazasini yaratishga e’tibor qaratilmoqda. Hozirgacha 10 dan ziyod sohaga dahldor qonun, Prezident va Vazirlar Mahkamasining farmon hamda qarorlari qabul qilindi. Qabul qilingan Farmon va qarorlarning ijrosi sifatida har bir viloyatda «IT Park»lar tashkil etish masalasi kun tartibiga qo‘yildi.

«IT Park» – istiqbolli startap loyihalarini yo‘lga qo‘yish va ularni bozorga olib chiqishga xizmat qiladigan, fan va ta’lim muassasalari bilan integratsiyalashuv orqali amalga oshirishga mo‘ljallangan majmua bo‘lib, u zarur bino, inshoot va uskunlarni o‘z ichiga oladi. «IT Park» faol iqtidor egalarini huquqiy, buxgalteriya, marketing va ilmiy-pedagogik masalalarda qo‘llab-quvvatlash orqali o‘z biznes loyihalarini chinakam biznesga aylantirish uchun barcha imkoniyat beradigan maskandir.

2019 yil 24-iyul kuni O‘zbekistonda birinchi dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarning «IT Park» – texnologik parki ochildi va 2019 yil avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida IT-Park tomonidan Birlashgan Arab Amirliklari bilan birgalikda talabalar o‘rtasida O‘zbekistonda mobil ilovalarini ishlab chiqish bo‘yicha «mGovAward» respublika tanlovi e`lon qilindi. Tanlov va uning shartlari haqida 2019 yil 14 avgust kunidan boshlab OAV va internet saytlarida e’lonlar  va xabarlar berildi:

«mGovAward» tanlovida ishtirokchilar Ozbekistondagi mavjud muammolardan birini hal qilishga yordam beradigan mobil ilova yaratishlari kerak boladi.

Talabalar 5 yonalishda ozlarini sinab korishlari mumkin:

– Ta’lim;

– Sogliqni saqlash;

– Turizm;

– Transport va logistika;

– Biznes va G2B.

Tanlovning asosiy mezonlari: ilovaning samaradorligi, uning innovatsionligi va foydalanishda oddiyligi.

Shuningdek, g‘oliblar Birlashgan Arab Amirliklariga bepul sayohat va IT-Park inkubatsiya dasturida bevosita qatnashish huquqini qo‘lga kiritadilar.

Tanlovning rasmiy web-sayti: www.mgovaward.uz.

«mGovAward» O‘zbekiston oliy ta’lim muassalari talabalarining innovatsion potentsialidan foydalangan holda ishlab chiqilgan davlat xizmatlarining eng yaxshi va samarali mobil ilovasi uchun mo‘ljallangan. Ushbu mukofot yosh talabalarni O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilish va davlat qurilishida qatnashishga undash maqsadida tashkil etilgan. Maqsad – O‘zbekiston davlat xizmatlarini samarali, shaffof va uzluksiz ravishda qulay mobil ilova yordamida ko‘rsatish orqali fuqarolarining hayotini yaxshilash.

Institutimizning Kasb ta’limi (Informatika va axborot texnologiyalar) va “Texnologik jarayonlarni boshqarishning axborot kommunikatsiya  tizimlari”  ta’lim yo‘nalishida  tahsil olayotgan talabalaridan tashkil topgan jamoa shakillantirildi. Bular Amirqulov Mexroj Xayrullayevich (704-18 TJB), Hojiyeva Shahribonu Doniyor qizi (712-16 IAT) Xayrullayev Hayotjon Hikmatullo o‘g‘li (712-16 IAT), Safoyev Nodirjon Ne’matjon o‘g‘li (712-17 TJB). Ishtirokchi talabalar tashabbusi bilan jamoaga “Imam Bukhary” deb nom berildi. “Imam Bukhary” jamoasi o‘zlariga institutimizning “Axborot kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi o‘qituvchisi Aslonov Qodir Zoyodullayevichni mentor sifatida taklif qilishdi. Shundan so‘ng Imam Bukhary jamoasi “mGov Award 2019” tanlovining “Turizm” yo‘nalishida Buxoro viloyatidagi muqqadas qadamjolarni chet ellik va respublikamizdagi ziyoratchi turistlarga ommlashtirish uchun “Yetti pir va muqaddas qadamjolar” loyihasi ustida ishlashni boshlashdi.

 “Turizm” yo‘nalishi toifasi mahalliy va xorijiy sayohatchilarga O‘zbekiston madaniy boyligi, merosi, o‘ziga xosligi va hunarmandchiligini targ‘ibot qilish va turizmni rivojlantirishga qaratilgan edi. Dasturiy mahsulotni ishlab chiqishda esa tanlovning asosiy mezonlari: ilovaning samaradorligi, uning innovatsionligi va foydalanishda oddiyligiga e’tibor qaratishni taqoza qilardi.Samaralilik va samaradorlik – taqdim etilgan ilovaning maqsadli auditoriya o‘rtasida xizmatdan foydalanish miqyosi va davlat xizmatiga tegishli bo‘lgan muammolarni hal qilish darajasiga qaratilgan.Innovatsiya – «Qoyil!» faktoriga asoslangan, ya’ni g‘oyalarni ijodiy birlashtirish orqali noyob, o‘ziga xos va yangi hayotiy voqealarga yo‘naltirilgan yechimlar ishlab chiqishda mijozlarning umumiy tajribasiga ta’sir qiladigan tarzda texnologiyalardan innovatsion foydalanish yoki yangicha yondoshishga qaratilgan.

Qulaylik – foydalanuvchilar nuqtai nazaridan xizmatlarning qulayligi darajasini belgilaydi. Bunda asosiy e’tibor funksiyonallikka qaratilgan ammo u bilan cheklanmaydi. Qulaylik bu – do‘stona dizayn va qulay navigatsiya (Ko‘rish va his qilish). Talabalarimiz, mentor Q.Z.Aslonov maslahatlariga amal qilgan holda tinimsiz izlanishdi va institutda olgan bilimlariga tayanib innovatsion g‘oylarini tadbiq qilgan holda dasturiy mahsulotni yaratishga kirishishdi. Natijada, talabalarimiz belgilangan muddatda o‘zlarining ijod mahsulotlarini  “Seven Pirs” deb nomlab, uni “mGovAward 2019” tanloviga taqdim qilishdi.

Tanlovda ishtirok etish uchun 2020 yilning 10 fevral holatida 264 ta jamoadan arizalar kelib tushgan. Xususan, tanlov ishtirokchilari 5 yo‘nalishda mobil ilovalarni ishlab chiqdilar: ta’lim, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik, turizm, transport va logistika.

Birinchi bosqichda IT park mutaxasislari tomonidan 264 ta jamoadan 97 ta eng yaxshi mobil ilovalar saralab olindi va shu 97 ta jamoaga ikkinchi boshqichga qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi bosqichda Vazirlik va idoralar vakillari hamda BAA vakillaridan iborat qo‘shma tanlov komissiyasi (hakamlar hay’ati) saralashdan o‘tgan 97 jamoadan 18 ta jamoa yarim finalga qatnashish  yo‘llanmasini oldi.

Yarim finalda Birlashgan Arab Amirliklari va Oʻzbekistonlik vakillardan tashkil topgan ekspertlar guruhi hakamligida har bir jamoa yaratgan mobil ilovalarini hakamlar oldida himoya qilishdi (ZOOM dasturi orqali ochiq online: https://www.youtube.com/watch?v=NhSGHnuePks) va mavjud 18 ta ilovalarni baholashdi. Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra 7 ta eng yaxshi deb topilganlari final bosqichiga oʻtgan deb maʼlum qilindi.

Institutimiz sha’nini himoya qilayotgan Imam Bukhary jamoasi e’lon qilingan 7 ta jamoa tarkibidan joy olib, final bosqichiga yo‘l oldi (https://it-park.uz/ru/itpark/news/7-luchshih-mobilnyh-prilozheniy-proshli-v-final-konkursa-mgovaward).

Final bosqichi Telegram-bot ijtimoiy tarmog‘i orqali ochiq ovoz berish koʻrinishida amalga oshiriladi va uning natijalariga koʻra gʻoliblar aniqlanadi va ular quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:

1-oʻrin – $ 50,000

2-oʻrin – $ 30,000

3-oʻrin – $ 20,000

Finalda institutimiz “Imam Bukhary” jamoasini qo‘llab-quvvatlagan holda, ularga omad tilab qolamiz.

 

“AKT” kafedrasi mudiri Sh.S. Yo‘ldoshev,

“AKT” kafedrasi katta o‘qituvchisi T.F.Sohibov.

 

Share this post