Botulizm kasalligining inson salomatligiga ta`siri

Botulizm kasalligining inson salomatligiga ta`siri

Tursunova Nargiza Nigmatovna
Buxoro MTI “Texnikaxavfsizligi” kafedrasi o’qituvchisi

Qish va erta bahor fasllarida aholi o’rtasida xonadon sharoitida tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida ovqatdan zaharlanish – botulizm kasalligi uchrab turadi. Buning sababi oddiy – uy sharoitida dudlangan baliq, go’sht, marinadlangan bodring, pomidor, qalampir, qo’ziqorin konservalari, baqlajon ikrasi kabi konserva mahsulotlarni tayyorlashda zarur texnologik jarayonlar, sanitariya me’yorlari va shaxsiy gigiena qoidalariga to’la rioya qilinmaydi. Natijada konservadagi botulizm sporalari tez rivojlanadi va zaharli toksinlar chiqaradi.

Kasallikni qo’zg’atuvchisi (mikrob) tashqi muhitda, asosan, tuprokda bo’ladi. Mikrob tuproq orqali sabzavot, ko’katlarning tashqi qavatiga joylashadi. O’zi esa himoya qavati (spora) bilan o’rab olingan bo’ladi. Spora mikrobning atrof-muhitga chidamliligini ta’minlab beradi. U besh soat qaynatilsa ham nobud bo’lmaydi. Botulizm tayoqchasi spora ko’rinishida konservalanayotgan bankalarga tushadi. Kislorodsiz joyga tushib qolgan botulizm tayoqchasi uchun uning yashab, ko’payib va o’zidan zahar ajratishiga bu sharoit juda-yam qo’l keladi. U o’zining sporasini, ya’ni himoya qavatini echib, o’zidan zahar (botulotoksin) ajratib chiqara boshlaydi. Botulotoksin konservalangan mahsulotning na rangini, na mazasini va tashqi ko’rinishini o’zgartiradi. Zahar faqatgina kislorodsiz sharoitda hosil bo’lib, u asosan issiqlik va spirt ta’siridagina zararsizlanadi.

Botulizm sporalari bilan zararlangan konserva mahsulotlarining tashqi ko’rinishi va ta’mida deyarli o’zgarish kuzatilmaydi. Ayrim xolatlarda shisha idishning tunuka qopqog’i shishadi. Bunday mahsulotni iste’mol qilib zaharlangan odamda uning belgilari paydo bo’lish jarayoni ikki soatdan 8-10 kungacha cho’ziladi. Holsizlik, ko’ngil aynishi, qusish, qorin sohasida og’riq paydo bo’lishi, jismlar ko’ziga ikkita bo’lib ko’rinishi, yutish va gapirish qobiliyatini pasayishi, bo’yin va oyoq mushaklari zaiflashishi kasallikning klinik belgilaridir. Kasallikni xonadon sharoitida o’z bilganicha davolash qat’iyan man etiladi.

Lekin bu belgilar kasallikning birinchi va ikkinchi kunlarida o’z kuchini ko’rsatib, bu holat hamma bemorlarda ham kuzatilmasligi mumkin. Keyingi asoratlar esa judayam xavfli. Bular: bemorning ko’rish qobiliyati sustlashishi, ko’z oldida tuman paydo bo’lishi, narsalarning ko’zga ikkita bo’lib ko’rinishi, qovoqlarning ochilmay qolishi, ovozning chiqmay qolishi va umuman o’zgarib ketishi, yutinishning qiyinlashishi yoki umuman yutina olmay qolish hollari, hattoki suyuklik ham icha olmay qolish hollari, nafas olish organlarining falajlanishi natijasida nafas olish qiyinlashishi, yurak qon-tomir sistemasida o’zgarishlar paydo bo’lishi va hokazolar. Agar o’z vaqtida shifokorga murojaat qilinib, maxsus zardob yuborilmasa, kasallik juda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Bunday vaziyatda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Aks holda, kasallikning og’ir shakllari – yurak, qon-tomir va nafas tizimi xastaliklari yuzaga kelishi, buning natijasida bemorning hayoti xavf ostida qolishi mumkin.

Har qanday kasalliklar kabi, botulizmning oldini olish ham insonning o’z qo’lida. Kasallikning oldini olishda har bir uy bekasi va konservalangan mahsulotni iste’mol qilayotgan kishilar, avvalo, botulizm haqida ma’lumotga ega bo’lishlari lozim. Muhimi, botulizm tayoqchasi besh soat qaynatilganida ham nobud bo’lmasligi, kislorodsiz sharoitda o’zidan zahar ajratishi va yaxshi yuvilmagan, uringan, ezilgan sabzavot va ko’katlar orqali idishlarga tushishini ham esdan chiqarmaslik kerak. Konservalash uchun eng birinchi yangi uzilgan, urinmagan, ezilmagan mahsulotlarni tanlash maqsadga muvofiq bo’ladi.

Sabzavot va ko’katlarni bittalab cho’tka yoki latta bilan yaxshilab ishqalab, oqar suvda yuvish kerak. SHundagina sabzavot va ko’katlarda botulizm tayoqchalarining yo’qolganligiga ishonch hosil qilish mumkin. Yana shuni ta’kidlash joizki, katta-katta idishlarda (bochkalarda) har xil tuzlamalar tayyorlash tavsiya etilmaydi. CHunki katta idishning eng pastki qismlarida kislorodsiz joylar bo’lishi mumkin. Bu esa tuproq zarralari bilan spora tushib qolgan bo’lsa, kasallikni yuzaga keltiradi.

Tayyor mahsulotning suvini iloji boricha ichmaslik kerak. CHunki zahar mikdori ko’pincha suvida bo’ladi. Sabzavotlardan tayyorlangan ikralarni esa kamida bir soat mobaynida qizdirib olish darkor, shundagina zahar zararsizlanishi mumkin. Undan tashqari konservalanib tayyorlangan mahsulotlarni har qanday joyda iste’mol qilmaslik joiz. Faqatgina botulizm kasalligi haqida ma’lumotga ega bo’lgan uy bekalari tayyorlagan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish maqsadga muvofiq.

Xonadon sharoitida bodring, pomidor, pattison marinadlari, baqlajon ikrasi kabi konserva maxsulotlarini tayyorlanishini tavsiya etilmaydi. Chunki bunday sharoitda tayyorlangan konserva maxsulotlarining sifatiga xech kim kafolat bera olmaydi. Aynan shunday sifat sertifikati, yorliqlariga ega bo’lmagan, bir so’z bilan aytganda iste’mol uchun yaroqsiz hisoblangan konserva mahsulotlarini bozorlarda, ko’cha-kuylarda belgilanmagan noqonuniy savdo rastalarida sotilayotgan bo’lsa, har birimiz iste’molchi sifatida bunday mahsulotlarni xarid qilmasligimiz kerak.

Xonadon sharoitida uzum, shaftoli, o’rik kabi mevalardan kiyomlar, bodring, pomidor, karamlardan sirli idishlarda tuzlamalar, mevalardan qoqilar tayyorlansa maksadga muvofiq bo’ladi.

Mamlakatimiz Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari tegishli davlat va jamoat tuzilmalari vakillari bilan hamkorlikda bozorlarda, savdo majmualarida, belgilanmagan joylarda uy sharoititda tayyorlangan konserva mahsulotlari sotilishining oldini olish, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida, muntazam reydlar o’tkazib kelishmoqda.

Oliy ta’lim muassasalarida, kasb-hunar kollejlari, maktablar va jamoat joylarida faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish shoxobchalarida sanitariya-gigiena qoidalariga to’liq rioya etilishini ta’minlash doimiy e’tiborda.

O’z navbatida ishlab chiqaruvchilarimiz ham xalqimizning bayram dasturxoniga xilma-xil mahsulotlar etkazib berish maqsadida keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda. Bugun yurtimizdagi qaysi bir savdo majmuasi va bozorga kirsangiz, ulardagi mahsulotlarning xilma-xilligini ko’rib ko’zingiz quvonadi. Xususan, gipermarket, supermarket va minimarketlar, bozorlarda sanoat usulida, texnologik jarayonlar hamda belgilangan talablar asosida ishlab chiqarilgan konserva mahsulotlarining barcha turlari mavjud. Ularni saqlash sharoitiga ham to’la rioya etiladi. Ushbu mahsulotlarning deyarli barchasi mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va sifati muvofiqlik sertifikati bilan kafolatlangan.

Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, bayram dasturxonini bezatish uchun ana shunday zamonaviy savdo maskanlarimizga tashrif buyurish maqsadga muvofiqdir. Sotib olingan har bir oziq-ovqatning saqlanish sharoitiga va muddatiga ham qat’iy rioya etish zarur. Qisqa qilib aytganda, har kim o’zi va oilasining sog’lig’i uchun avvalo o’zi mas’ul ekanini unutmasligi kerak.

Share this post

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *


});});