Buxoro muhandislik-texnologiya instituti  ta’lim sifatini nazorat qilish bo’limining 2018 yil I – chorak ish rejasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan qisqacha hisoboti

 

Ta’lim sifatini nazorat qilish bo’limi o’zining 2018 yil I – chorakdagi ish faoliyatini bo’limning tasdiqlangan ish rejasi asosida tashkil etdi va bu davrda quyidagi ishlar amalga oshirildi:

Ta’lim sifatini nazorat qilish bo’limining Nizomi, bo’lim xodimlarining lavozim yo’riqnomalari, ish rejasi namunaviy hujjatlar asosida ishlab chiqildi va 2018 yil 16 yanvarda institut kengashida muhokama qilinib, tasdiqlash uchun tavsiya etildi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspekciyasi bilan   kelishildi va institut rektorining 17.01.2018 yilgi 9-U raqamli buyrug’i bilan tasdiqlandi.

Institutning veb-sayti (bmti.uz)da  bo’limning maxsus sahifasi  ochildi va  unda talabalar, professor-o’qituvchilar, xodimlar va fuqarolarning murojaatlari, takliflari va e’tirozlarini qabul qilishni tashkil qilish bo’yicha savolnoma kiritildi.

Bo’limda ish yuritilishini tashkil etish maqsadida, bo’lim  faoliyatiga tegishli me’yoriy -huquqiy hujjatlarning elektron bazasi   yaratildi.

Institut rektorining 2018 yil 17 yanvardagi 9-U(12)-sonli buyrug’i asosida  tajribali mutaxassislar jalb etilgan holda institut, fakulьtetlar, kafedralarning ish rejalari tahliliy o’rganildi va ularning mazmunidan kelib chiqib, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan masalalarni kiritish bo’yicha takliflar berildi. Tegishli o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilgan ish rejalari qayta tasdiqlandi hamda ish ularning bajarilishi nazoratga olindi.

Institut rektorining 2018 yil 17 yanvardagi 9-U(11)-sonli buyrug’i asosida ta’lim muassasalarini attestaciya va akkreditaciyadan o’tkazishga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar ichki ekspertlarni jalb qilgan holda o’rganildi. Ekspertlar tomonidan ta’lim muassasalarini attestaciya va akkreditaciyadan o’tkazish jarayonida ta’lim tizimi oldiga Respublika rahbariyati tomonidan bugungi kunda qo’yilayotgan talablarning qay darajada bajarilganligiga,  jumladan ta’lim sifatini oshirish maqsadida etakchi xorijiy davlatlar tajribasidan foydalanishga  e’tibor qaratilishi shartligi to’g’risida xulosa berildi.

Institutda 5 ta ta’lim sohasi (110 000-Pedagogika, 230 000-Iqtisod, 310000-Muhandislik ishi, 320 000-Ishlab chiqarish texnologiyalari, 340 000-Arxitektura va qurilish sohalari) bo’yicha 1-kursda 16 ta, 2- kursda 9 ta, 3- kursda 9 ta va 4-kursda 8 ta bakalavriat ta’lim yo’nalishlari hamda magistraturada 1-kursda 9 ta, 2-kursda 7 ta mutaxassislik bo’yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Ushbu ta’lim yo’nalishi va magistratura mutaxassisliklari zarur o’quv-me’yoriy hujjatlar bilan ta’minlanganlik holati ko’rib chiqildi.

Pedagog xodimlar tomonidan olib borilayotgan dars mashg’ulotlarini tahliliy o’rganish 2018 yil mart oyidan boshlangan bo’lib, bunda mashg’ulotlarda qo’llanilayotgan pedagogik texnologiyalar mavzularga hamda talabalarning ehtiyojlariga mosligi tahlil qilinmoqda, ularning mashg’ulotlar jarayonida qo’llanilayotganligi baholanmoqda.

Professor-o’qituvchilar shaxsiy ish rejalarining yarim o’quv yili yakunlari bo’yicha bajarilish holati o’rganildi. O’rganish natijasida ba’zi pedagoglar o’quv yuklamalarining semestrlar bo’yicha bir xil taqsimlanmaganligi, ko’pchilik pedagog xodimlar tomonidan shaxsiy ish rejaning  “Ilmiy-tadqiqot ishlari” qismida asosan ilmiy anjumanlarda ishtirok etib, tezislar chop etishni rejalashtirishi, nufuzli ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishga etarli e’tibor qaratilmayotganligi aniqlandi va ushbu kamchilik o’quv yili yakuniga qadar bartaraf etilishi zarurligi ko’rsatib o’tildi.

Amaldagi “Vaqt me’yorlari” hujjati, ya’ni “Oliy ta’lim muassasasining professor-o’qituvchilar tarkibining o’quv, ilmiy-metodik, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-metodik, ma’naviy-axloqiy va tarbiyaviy ishlar yuklamasini aniqlash qoidalari”  Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining 2015 yil 9 sentyabrdagi 5-2015-raqamli buyrug’i bilan tasdiqlangan bo’lib, ushbu hujjat institut rektorining 2018 yil 5 fevraldagi 19-U raqamli buyrug’i bilan tajribali mutaxassislarni jalb etgan holda tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan o’rganildi va uni takomillashtirish bo’yicha bir qator  tavsiyalar berildi.

Bo’lim xodimlari tomonidan institutning har bir kafedra kesimida ta’lim jarayoni moddiy-texnik bazasining holati tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko’ra ko’pchilik fanlar bo’yicha tajriba mashg’ulotlarini o’tkazish uchun zamonaviy qurilmalar mavjud emasligi, ba’zi fanlar bo’yicha mavjud bo’lgan tajriba qurilmalari ma’naviy eskirganligi aniqlandi. Institutda amalga oshirilgan kapital ta’mirlashdan so’ng “Fizika”, “Materiallar qarshiligi”, “Mashina detallari”, “Gidravlika”, “Elektroenergetika”, “Kimyo” va “Oziq-ovqat texnologiyasi” fanlari bo’yicha tajriba qurilmalari to’plami hamda “TJBAKT” kafedrasida bajarilayotgan xorijiy grantlar hisobidan “Mexatronika” fani bo’yicha zamonaviy tajriba qurilmasi olib kelinganligi aniqlandi.

Fanlar bo’yicha olib borilayotgan tajriba mashg’ulotlarining samaradorligini oshirish uchun virtual tajriba ishlari dasturlarini ko’proq ishlab chiqish va institutda mavjud bo’lgan kompьyuterlardan unumli foydalangan holda tajriba ishlarini mazkur dasturlar yordamida bajarilishini ta’minlash, bundan tashqari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan ishlab chiqarish korxonalarida kafedralar filiallarini ko’proq tashkil qilib, ularda tajriba ishlarini bajarish imkoniyatini yaratish zarur.

Institutda kadr tayyorlanayotgan ta’lim yo’nalishlari va mutaxassisliklari bo’yicha o’quv rejasidagi fanlarning zamonaviy o’quv adabiyotlari bilan ta’minlanganlik holati davlat inspekciyasi tomonidan taqdim etilgan jadval asosida o’rganib chiqildi.

Kafedralarda asosiy shtatda faoliyat yuritayotgan professor-o’qituvchinig ilmiy salohiyati  tahliliy o’rganildi va bugungi kunda institut bo’yicha ilmiy saloxiyat 29,5% ni tashkil qilgan holda asosiy shtatda faoliyat yuritayotganlarga nisbatan olinganda 10 ta kafedraning ilmiy saloxiyati institutning o’rtacha darajasidan past ekanligi aniqlandi, jumladan  “Ingliz tili” kafedrasida 0%,  “Jismoniy madaniyat” kafedrasida 0%, “Tillar” kafedrasida 11%. SHuni inobatga olib, institutning barcha kafedralarida ilmiy saloxiyatni oshirish borasida olib borilayotgan ishlarni tahliliy o’rganib chiqish hamda  yosh pedagog xodimlarni ilmiy tadqiqotlarga kengroq jalb qilish borasida har bir kafedrada chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish to’g’risida  topshiriqlar berildi.

Institut professor–o’qituvchilar tomonidan olib borilayotgan dars mashg’ulotlarining o’tkazilish holatini tahliliy o’rganish maqsadida institutning Ta’lim sifatini nazorat qilish bo’limi xodimlari hamda tajribali professor-o’qituvchilarni jalb qilgan holda ekspertlar guruhi shakllantirildi va institut rektorining 2018 yil 01 martdagi 32-U(04) raqamli buyrug’i bilan tasdiqlandi. Ekspert guruhi a’zolari tomonidan pedagog xodimlar darslarining sifat va samarasi  tahlil qilinib, tegishli tavsiyalar berilmoqda.

Institutda talabalar mustaqil ta’limini tashkil etilishi o’rganib chiqildi. Mustaqil ta’limni tashkil etish bo’yicha uslubiy tavsiyalar asosan ishchi o’quv dasturlar hamda o’quv-uslubiy majmualar tarkibiga kiritilgan. Talabalar mustaqil shug’ullanishi uchun o’quv-laboratoriya xonalarning jihozlanishi talab darajasida emas. Ba’zi kafedralarda talabalar mustaqil shug’ullanishi uchun to’garaklar ham tashkil etilgan, lekin ularda talabalarni qamrab olish darajasi past.

Talabalar mustaqil ta’limini tashkil etilishida qulay sharoit yaratish maqsadida institut axborot-resurs markazi tomonidan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Hozirgi kunda institut axborot-resurs markazining 8 ta shaxobchasi foydalanuvchilarga xizmat qilmoqda, bular institutning birinchi o’quv-laboratoriya binosida 3 ta, ikkinchi o’quv-laboratoriya binosida 2 ta, uchinchi o’quv-laboratoriya binosida 1 ta, to’rtinchi o’quv-laboratoriya binosi va talabalar turar joyi xududida 1 ta, Kogon tumani 9-son maktab xududida 1 ta shaxobcha faoliyat yuritmoqda.

Institutda kadr tayyorlanayotgan bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining bitiruv-malakaviy ishlari hamda magistrlik dissertaciyalari mavzulari tahlil qilinganda, institutning o’quv-uslubiy boshqarmasi tomonidan oxirgi uch yillik mavzularning takrorlanmasligi nazoratga olinganligi aniqlandi. Bitiruv-malakaviy ishlar va magistrlik dissertaciyalar   ishlab chiqarish korxonalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida bajarilsa va olingan natijalar ishlab chiqarishga tadbiq etilsa maqsadga muvofiq bo’lardi.

Kadrlar iste’molchilarining  fikr-mulohazalarini o’rganish maqsadida institutda kadr tayyorlanayotgan ta’lim yo’nalishlari uchun asosiy ish beruvchilar hisoblangan Buxoro xududiy elektr tarmoqlari korxonasi akciyadorlik jamiyati, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, “Gazlineftgazqazibchiqarish” mas’uliyati cheklangan jamiyat, Buxoro neft bazasi mas’uliyati cheklangan jamiyat, O’ztransgaz akciyadorlik jamiyati Buxoro viloyati bo’yicha gaz ta’minoti hududiy filiali, “Neftgaztadqiqot” akciyadorlik jamiyati, “Aziya trans gaz” qo’shma korxonasi Buxoro filiali, Buxoro viloyati gaz ta’minoti hududiy filiali,  “ARK EKO TEKSTIL” mas’uliyati cheklangan jamiyat, “Bahor plastics” qo’shma korxonasi, Buxoro ta’mirlash mexanika zavodi, Romitan paxta tozalash akciyadorlik jamiyati, Buxoro paxta tozalash akciyadorlik jamiyati rahbar va mutaxassis xodimlari orasida anketa so’rovnomalari o’tkazildi. So’rovnomalar tahlili asosida institutda kadr tayyorlash jarayonida nimalarga e’tibor qaratish zarurligi to’g’risida institut kengashida ma’lumot berildi.

Institut kafedralarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarni kasbiy malakasi holatini o’rganish maqsadida institutda ichki attestatsiyani tashkil qilish jadvali ishlab chiqildi va institut rektorining buyrug’i bilan tasdiqlandi. Jadval bilan kafedralar tanishtirildi. 2018 yil aprelь oyidan boshlab, 2017/2018 o’quv yili oxiriga qadar institut pedagog xodimlarining kasbiy malakasi nazorat sinovlari asosida aniqlanishi rejalashtirildi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspekciyasi tomonidan Buxoro viloyatidagi o’rta maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida faoliyat yuritayotgan va birinchi hamda oliy toifaga da’vogar bo’lgan 3000 nafardan ortiq pedagog xodimlarning onlayn-test usulidagi attestaciyasi Buxoro muhandislik-texnologiya institutida o’tkazilishi rejalashtirilib, bu tadbirga tayyorgarlik ko’rish hamda o’tkazish jarayoniga institutning Ta’lim sifatini nazorat qilish bo’limi xodimlari to’liq jalb qilindi va ushbu tadbir yuqori saviyada o’tkazildi.