Blog

10 dekabr – Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

Qudratli mamlakatimizning bepoyon kengliklari, go‘zal tabiati, purviqor tog‘lariyu jannatmonand bog‘lari, ko‘hna daryolariyu oydin ko‘llari, ko‘kka bo‘y cho‘zgan shaharlariyu chiroy ochgan qishloqlari, buyuk ajdodlarimizning barhayot siymolari va ularga munosib avlodlarning azmu shijoatga to‘la nigohlari, bag‘rikeng, mehmondo‘st xalqimizning yuksak bunyodkorlik va yaratuvchanlik salohiyati, buguni va ertasi, sarhadlarda sergak turgan tinchlik posbonlariyu baxtli hayotdan masrur o‘g‘il-qizlarning shodon kulgulari, mustaqil Vatanimizning shonu shuhrati…

Har tong davlatimiz madhiyasi sadolari ostida yangi kunni kutib olar ekanmiz, ko‘z oldimizda ana shu manzara namoyon bo‘ladi. Uning har bir chuqur ma’noga ega satri, mardonavor va sohir ohangi bizni sehrlab qo‘yadi, qalbimizda Vatanimizdan faxrlanish, bugunimizdan shukronalik va ertamizga ulkan ishonch hissini jo‘sh urdiradi.

Davlat ramzlari mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi, xalqimizning sha’nu shavkati, g‘ururi, or-nomusi, tarixiy xotirasi va orzu-umidlarini o‘zida mujassam etuvchi muqaddas timsollardir.

Shu bois Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan mustaqillikning ilk kunlaridan xalqimizning ozodlik, hurlik singari eng buyuk orzu-intilishlarini, ma’naviy qadriyatlarini ifodalovchi, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, yurtga sadoqat, bunyodkorlik va yaratuvchanlikka undovchi Bosh qo‘shiqni qabul qilishga asosiy e’tibor qaratildi.

1992-yil 10-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonun imzolandi.

Mazkur qonunda belgilanganidek, madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi, unga zo‘r ehtirom bilan qarash har bir fuqaroning vatanparvarlik burchidir. 2010-yil 24-dekabrda mazkur qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, fuqarolarimiz, shuningdek, mamlakatimizda bo‘lib turgan boshqa shaxslar madhiyamizni hurmat qilishi shart.

Erta tongdan Buxoro muhandislik-texnologiya institutida talaba-yoshlar va professor-o’qituvchilar ishtirokida Davlat madhiyasi qabul qilingan jun munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Unda so’z olganlar milliy madhiyamiz muazzam sadolari davlatimiz rahbarining turli mamlakatlarga rasmiy tashriflari chog‘ida, O‘zbekistonga kelgan xorijiy mamlakatlarning rahbarlarini kutib olish marosimlarida, yurtimizda o‘tayotgan umumxalq bayramlarida, yirik xalqaro anjumanlar, tinchlik va do‘stlik kelishuvlarida, sport musobaqalarida va sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda eng baland shohsupaga ko‘tarilgan paytida baralla yangrayotganini ta’kidlashdi. Shundan so’ng Davlat madhiyasi  yangradi. Barcha qo’lini ko’kisiga qo’ygan holda milliy g’ururimiz sadolarini tinglashdi

Ha, xalqimiz omon ekan mustaqil mamlakatimiz yuksak taraqqiyot, buyuk kelajak barpo etish sari odimlashda davom etadi, ulug‘ xalqning mangu qo‘shig‘i – madhiyamiz xalqimiz, farzandlarimiz qalbidan chuqur joy olib, olam uzra baralla yangrayveradi. Bu qo‘shiq ona Vatanimizdan g‘ururlanishga, mustaqilligimizni mustahkamlashga, bugunimizning qadriga yetishga, yangi marralarni zabt etishga undayveradi.

Share this post

Leave a Reply

Your email address will not be published.